- Ayting, qizlar, ochilasiz gul bo'lib qachon,
Nima sizni talpintirar azaldan-azal?
- Birov eshitmasin, bilsang, bizda qolmas jon,
Yigitning sho'x ko'zlarida o't yongan mahal.

- Qachon sezilmas hayotning butligi, kami,
Qo'lingizda echiladi oson har chigal?
- Nima bo'pti, bu serg'avg'o dunyoning g'ami,
Yigitning sho'x ko'zlarida o't yongan mahal.

- Qizg'ish tortib, husningizga qo'shilib chiroy,
Shaddodlikdan tiyilasiz qaysi paytda sal?
- Mayinlashib biz begunoh oy bo'lamiz, oy -
Yigitning sho'x ko'zlarida o't yongan mahal.

- Qachon qurigan jilg'aday qolasiz tinib,
Qora tunda yorug'likka bo'lasiz mahtal?
- Yigit bizni ardoqlashni unutgan kuni,
Yigitning sho'x ko'zlarida o't so'ngan mahal.

- Qachon xazonrez bog'larga kelasiz kirib,
Ko'tara olmay cho'kasiz qayg'u toshini?
-Biz yigitni topolmasak to'rt yon yugurib,
Biz yostiqda ko'rsak uning aziz boshini.

- Qachon qop-qora kiyimda o'ltirasiz toq,
Chidab bo'lmas siz ko'targan nolayu dodga?
- Yigitning sho'x ko'zlariga to'lganda tuproq,
Biz yigitni yo'qotganda abad-abadga.








